O'zgartirilgan: 2021-03-12
Bank qo'mitalari
Bank Kengashi qoshida 4 ta qo'mita mavjud:
- Audit qo’mitasi;
- Tavakkalchiliklarni boshqarish qo‘mitasi;
- Mukofotlash va kadrlar qo'mitasi;
- Strategiya qo'mitasi.
Qo'mitalarning vazifasi Bank Kengashiga ko'rib chiqishi uchun kiritilgan masalalarni oldindan ko'rib chiqishdir. Qo'mitalar tomonidan ma'qullanmagan taqdirda, masalalar qo'shimcha ravishda Bank Kengashi ko'rib chiqish uchun taqdim etilmaydi, lekin qayta ko'rib chiqishga yuboriladi. Qo'mitalarning yig'ilishlari zarurat bo'lganda, lekin chorakda kamida bir marta o'tkaziladi. Har bir qo'mita kamida 3 kishidan iborat (Bank Kengashi a'zolari). Qo‘mita boshqa qo‘mita a’zoligida bo‘lgan aynan bir shaxslar tarkibidan iborat bo‘lishiga, shuningdek, kengashning bir a’zosi bir vaqtning o‘zida turli qo‘mitalar raisi bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Audit qo’mitasining vazifalari:
moliyaviy hisobot va ichki audit siyosatini ishlab chiqish hamda tasdiqlash jarayonida ishtirok etish;
nazoratga oid, moliyaviy va boshqa hisobotlarning taqdim etilishini, to‘liqligini, ishonchliligini nazorat qilish;
o‘z vakolati doirasidagi masalalar yuzasidan kengash yig‘ilishlariga ma’lumotlar tayyorlash va kengashga hisobotlar taqdim etish;
bankning ichki va tashqi auditorlar bilan o‘zaro aloqasini nazorat qilib borish;
ichki audit xizmati rahbarini tayinlash (lavozimidan ozod qilish) masalasini ko‘rib chiqib, kengashga taklif kiritish;
ichki audit xizmatining choraklik hisobotlarini o‘rganib chiqish va kengashga taqdim etish;
bankning ichki nazorat tizimi va ichki auditi faoliyati samaradorligi va monandligini ta’minlash uchun ularni baholash, ichki audit tekshiruvlari rejasi va ularning davriyligini ko‘rib chiqish, ichki audit xizmati rahbari o‘z vazifa va majburiyatlarini qay darajada amalga oshirayotganligini baholashda ishtirok etish va o‘z fikrlarini bildirish;
har chorakda kamida bir marta ichki audit xizmati rahbari bilan uchrashuv o‘tkazib, ichki audit xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilish;
tashqi auditor takliflarini baholashda kengashga amaliy yordam berish, tashqi auditorni tanlashda kengashga tavsiyalar tayyorlash;
tashqi auditorlarning xizmatlariga to‘lanadigan eng ko‘p haq miqdori va u bilan shartnoma tuzilishi (bekor qilinishi) to‘g‘risida kengashga takliflar kiritish;
tashqi auditorlar uchun texnik vazifalarni ishlab chiqishda kengashga amaliy yordam berish;
ichki va tashqi audit hisobotlarini qabul qilib olish hamda ularda va boshqa nazoratni amalga oshiruvchi bo‘linmalar tomonidan aniqlangan qonun hujjatlari, bankning siyosatlari va ichki hujjatlariga nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bank boshqaruvi tomonidan o‘z vaqtida bartaraf etilishini nazorat qilish;
tashqi auditorlik hisobot va xulosalarni ko‘rib chiqish va ularni kengashga taqdim etish;
tashqi auditorlar faoliyati qoniqarsiz deb baholangan taqdirda, ularni o‘zgartirish yuzasidan kengashga tavsiyalar berish;
bank faoliyatining shaffofligi va ma’lumotlarning oshkor qilinishi yetarli darajada va aniq ekanligini ko‘rib chiqish;
o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot tayyorlash;
kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.
Tavakkalchiliklarni boshqarish qo‘mitasining vazifalari:
- tavakkalchiliklarni boshqarish masalalari va ichki nazoratga doir hujjatlar, shu jumladan, tavakkalchiliklarni boshqarishning tashkiliy tuzilmasi, tavakkalchiliklarni boshqarish strategiyasi va siyosati, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish siyosati va odob-axloq qoidalarini ko‘rib chiqish, kengashga tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga oid tavsiyalarni kiritish;
- boshqaruv va tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha tarkibiy tuzilma tomonidan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi, shu jumladan, risk-appetit va tavakkalchiliklarni boshqarish siyosatining ishlab chiqilishi, ularga rioya etilishi va ularning o‘z vaqtida yangilab borilishi ustidan nazorat qilish;
- bank tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan tavakkalchiliklarni baholash, shu jumladan, stress-test qilish uslublarini davriy ravishda ko‘rib chiqish;
- kengashga taqdim etiladigan tavakkalchiliklarga oid ma’lumotlarning (hisobotlarning) tuzilishi va shakli hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash;
- bankning tavakkalchiliklar sohasi (risk-proifili) tasdiqlangan risk-appetitga mos emasligi yoki me’yordan chiqib ketishi kutilayotgan holatlarda, tavakkalchiliklarning kamaytirilishi va ular yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rilishi bo‘yicha qarorlar qabul qilish to‘g‘risida kengashga takliflar berish;
- bankning mukofotlash tizimi bankning risk-appetitiga muvofiqligini o‘rganib borish;
- tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma tomonidan taqdim etiladigan bankda yuzaga kelgan va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklar bo‘yicha hisobotlarni kamida har chorakda bir marta qabul qilib borish va tavakkalchiliklarni kamaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
- tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan xodimlarning boshqaruv va tavakkalchiliklarni qabul qiluvchi boshqa tarkibiy bo‘linmalardan mustaqilligini baholab borish;
- tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbarlari faoliyatini baholash jarayonida qatnashish yoki fikr bildirish;
- o‘z faoliyati to‘g‘risida choraklik hisobotlarni tayyorlash;
- kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.
Mukofotlash va kadrlar qo'mitasining vazifalari:
- kengash va boshqaruv a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarni mukofotlash bo‘yicha siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etish va uni kamida bir yilda bir marotaba qayta ko‘rib chiqish;
- mukofotlash siyosati hamda turli xil rag‘batlantirish dasturlarining joriy qilinishi va amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
- mehnatga haq to‘lash va kompensatsiya qilishga oid qabul qilingan qarorlarning ijrosini nazorat qilish;
- kengash va boshqaruv a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarga mukofot to‘lovlarini belgilashda ularning majburiyatlari va mos ravishda tavakkalchiliklarni qabul qilish darajasini hisobga olgan holda ularning samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish;
- agarda kengash tomonidan ushbu vazifa yuklatilgan bo‘lsa, mukofotlash siyosatida aks ettirilgan mezonlar asosida kengash va boshqaruv a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarning yil yakunlari bo‘yicha faoliyatini dastlabki baholashdan o‘tkazish, shuningdek, ushbu shaxslarning uzoq muddatli belgilangan maqsad va vazifalarga erishganini tahlil qilish;
- mehnatga haq to‘lash va kompensatsiya tizimi ichki hujjatlarga muvofiqligini baholab borish;
- kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
Strategiya qo'mitasining vazifalari:
- Bankni rivojlanish strategiyasi va biznes-rejasini oldindan ko'rib chiqish hamda ma’qullash;
- Bankni rivojlanish strategiyasi va biznes-rejasi to'g'risidagi hisobotlarni tinglaydi. Qo'mita filiallarni va vakolatxonalarni ochish (yopish) maqsadga muvofiqligini ko’rib chiqadi;
- bank aksiyalari va obligatsiyalarini chiqarish zarurligi masalalarini oldindan ko'rib chiqadi;
- bankning tashkiliy tuzilmasini o’zgartirish kiritish masalasini ko’rib chiqadi;
- boshqa tashkilotlar ustav kapitalida ishtirok masalasini ko’rib chiqadi:
- kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.