O'zgartirilgan: 2021-09-18

Rasmiy xabar

Shuxrat Musaev tomonidan YouTube kanalidа 2021 yil 14 sentyabrda joylashtirilgan videolavha bo'yicha

"Asakabank" AJ Shayxontohur filiali tomonidan mijozlarga ajratilgan kreditlarning qonuniyligi va filial xodimlarining hatti-harakatlari bo'yicha bank tomonidan 2021 yil 17 may kuni xizmat tekshiruvi o'tkazilgan.

Tekshiruv natijasida mazkur filial tomonidan mijozlarga 2020 yil mobaynida ajratilgan mikroqarz kreditlarining bir qismi, o'z nomlariga kredit rasmiylashtirgan qarzdorlardan firibgarlik yuli bilan uchinchi shaxslar tomonidan o'zlashtirilganligi aniqlangan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish maqsadida 2021 yil 25 may kuni tegishli hujjatlar Shayxontohur tuman prokuraturasiga taqdim etilgan. Bugungi kunda mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari Shayxontohur tuman IIB tergov bo'limi tomonidan olib borilmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqaro A.A. hamda fuqaro O.Yular.ga O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi va boshqa moddalari bilan ayblov e'lon qilinib, ularga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish chorasi qo'llanilgan.

Bugungi kunda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.