O'zgartirilgan: 2021-07-29

"Asakabank" AJ sobiq xodimining murojaati bo‘yicha

“Asakabank” AJ va Nurmagambetova Sulushash Kuralbayevna o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish masalasi bo‘yicha jurnalisti va bloger Xurshid Daliyevning telegram kanalida chop etilgan xabar bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qilamiz:

S.K. Nurmagambetova 2018 yilgacha “Asakabank” AJ Qoraqalpog‘iston filialida plastik kartochkalar bo‘limi 1-toifali mutaxassisi lavozimida ishlagan.

“Asakabank” AJ Boshqaruv Raisining 2018 yil 27 apreldagi 265-p-sonli buyrug‘iga asosan filialda shtat birliklarini qisqartirish ishlari amalga oshirilgan. Shtatlarni qisqartirish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-qismining 1-bandiga muvofiq ravishda amalga oshirilgan bo‘lib, xususan, murojaat muallifi --  S.K. Nurmagambetova ham amaldagi tartibga muvofiq ikki oy oldin, 24 may 2018 yilda 04/3060-sonli xat bilan, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha kafolatlar va muddatlarini taʼminlashni nazarda tutgan holda mehnat shartnomasi bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Xabarnomada ko‘rsatilgan ogohlantirish muddati tugaganidan so‘ng, 2018 yil 26 iyuldagi 50/k-buyruqqa asosan,  tegishli bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligi tufayli, fuqaro S.K, Nurmagambetova bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Bunda amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqaroga ish beruvchi tomonidan to‘lab berilishi lozim bo‘lgan barcha to‘lovlar amalga oshirilgan. Bundan tashqari, shuni taʼkidlash kerakki, S.K, Nurmagambetovaning malakasi va tajribasiga mos keladigan bo‘sh ish o‘rinlari yo‘q bo‘lsa-da, filial rahbariyati unga fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo‘yicha bir necha marta ish taklif qilgan, ammo bu takliflar sobiq xodim tomonidan rad etilgan.

Shu bilan birga, S.K. Nurmagambetovaning yuqoridagi masala bo‘yicha bir necha bor qilgan takroriy murojaatlari “Asakabank” AJ tomonidan  “O‘zbekiston respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonuni (O‘RQ-445, 11.09.2017 y.) talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaatchiga javob xatlari yuborilgan.

Shuni ham taʼkidlash joizki, “Asakabank” AJ mehnat jarayonlarini tashkil qilishda tegishli ichki Nizom va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga muvofiq faoliyat yuritadi.