MENYU
+998 71 200-55-22

Yangiliklar

08.02.2018

Qayta moliyalash stavkasi 14 foiz miqdorida qoldirildi

Pul-kredit siyosati sohasida 2017 yilning IV choragida

amalga oshirilgan ishlar

2017 yilning IV choragida qat’iy pul-kredit siyosatining davom ettirilishi va monetar omillarning narxlar o‘sishiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramay iqtisodiyotda yuqori inflyatsion bosim saqlanib qoldi.

I. Inflyatsiya

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha hisoblangan inflyatsiya darajasi 14,4 foizni, 2017 yilning IV choragida esa 6,1 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 15,9 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari – 16,1 foiz va xizmatlar – 8,6 foizga oshdi.

Iste’mol narxlari indeksi tarkibida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish sur’atlarida oldingi yillarga nisbatan nomutanosib ravishda tezlashuv kuzatildi.

Xizmatlar narxlari va tariflari o‘sish sur’atlari 2017 yilning II va III choraklarga (2,4 va 3,1 foiz) nisbatan sekinlashib IV chorakda 1,5 foizni tashkil etdi.

1-chizma


2017 yilning noyabr oyida benzin va elektr energiyasi narxlarining oshirilishi yilning IV choragida inflyatsiya darajasi o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan omillardan bo‘ldi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, 2017 yilning dekabr oyida ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar miqdorini oshirilishi tufayli inflyatsion kutilmalarning ortishi ham iqtisodiyotdagi iste’mol narxlari o‘zgarishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Iste’mol narxlari dinamikasining oylar kesimidagi tahlili 2017 yil davomida inflyatsiya darajasiga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi eng ko‘p ta’sir etganligini ko‘rsatmoqda.

2-chizma


Iqtisodiyotda 2016-2017 yillar davomida narxlar o‘zgarishi tahlili ichki narxlar o‘sishiga monetar omillar bilan bir qatorda nomonetar omillarning ta’siri mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, 2017 yilning yoz oylarida oziq-ovqat narxlarining mavsumiy pasayishi 2016 yilga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yilning kuz-qish mavsumidagi o‘sish sur’atlari 2016 yil ko‘rsatgichlaridan ancha yuqori bo‘ldi.

Shuningdek, 2017 yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining 2016 yilga nisbatan nomutanosib o‘sishi kuzatildi. Xususan, nooziq- ovqat mahsulotlari narxlari o‘sish sur’atlari 2016 yilda 10,1 foizdan 2017 yilda 16,1 foizgacha tezlashgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari – 0,3 foizdan 15,9 foizgacha oshdi.

Narxlarning sezilarli o‘sishi go‘sht mahsulotlari, tuxum, shakar, sut, o‘simlik yog‘lari hamda meva va sabzavot mahsulotlari (olma va nok, pomidor, bodring, kartoshka va boshqalar) hisobiga to‘g‘ri keldi.

Nooziq-ovqat iste’mol mahsulotlaridan qurilish materiallari, shaxsiy gigiyena mahsulotlari, kiyim-kechak va poyabzal narxlarining o‘sganligini qayd etish mumkin.

Ichki iste’mol bozoridagi narxlar o‘sishiga nomonetar omillarning ta’siri, tashqi savdoning erkinlashtirilishi natijasida ichki narxlarning qo‘shni davlatlardagi narxlar darajasigacha o‘sishi, mahsulotlarni import qilishda sust raqobat muhiti hamda qurilish mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabning oshib borishi bilan izohlanadi.

II. Pul-kredit siyosati

2017 yilning IV choragida pul-kredit siyosati instrumentlari va choralarini qo‘llashda asosiy e’tibor inflyatsiyani jilovlashga qaratildi.

Qayta moliyalash stavkasining 14 foiz darajasida saqlab qolinishi va tijorat banklari tomonidan kredit portfellarini shakllantirishda iqtisodiy mezonlarga to‘liq rioya qilinishiga qaratilgan alohida e’tibor natijasida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlar hajmi va pul massasining keskin oshib ketishi oldi olindi.

Bunda, Markaziy bank tomonidan amaldagi qayta moliyalash stavkasida tijorat banklariga likvidlikni berish operatsiyalarini davom ettirilishi banklararo pul bozori hamda banklarning depozit va kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarining ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Qayd etish lozimki, 2017 yilning IV choragida bank tizimidagi likvidlik hajmining oshishi foiz stavkalarining pasayishiga olib kelmadi. Bunda, kuzatilgan likvidlik oshishining asosiy qismi alohida yirik banklar hissasiga to‘g‘ri keldi. Mazkur banklar tomonidan likvidlikning oshirilishi ularning o‘z mijozlari oldidagi qisqa muddatli majburiyatlarini bajarish maqsadida amalga oshirildi va ushbu moliyaviy resurslar banklararo pul bozorida qo‘shimcha taklifni hosil qilmadi.

Xususan, 2017 yilning oktabr-dekabr oylarida banklararo pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkasining 11,8 foizdan 13,1 foizgacha oshishi kuzatildi.

3-chizma


Shu bilan birga, majburiy rezervlar hisobvaraqlaridagi mablag‘larni tasarruf etishdagi moslanuvchanlik milliy valyutadagi likvidlikdan foydalanish hamda bank tizimidagi likvidlikning darajasini maqbullashtirish imkoniyatini yaratdi. Bu hol, o‘z navbatida, Markaziy bankning kredit resurslarini taqdim etish amaliyotlari hajmida ham o‘z aksini topdi.

Xususan, 2017 yilning III choragida tijorat banklariga berilgan kreditlar hajmi 1,4 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, IV chorakda 337 mlrd. so‘mga teng bo‘ldi. 

4-chizma


Ayni vaqtda, tijorat banklarining majburiy rezervlari tarkibida xorijiy valyuta ulushining yuqoriligi bank tizimida milliy valyutadagi likvidlikning tarkibiy profitsiti yuzaga kelganda mazkur instrumentdan foydalanish imkoniyatining mavjudligini ko‘rsatadi.

2017 yilning oktabr-dekabr oylarida bank kreditlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarining (imtiyozli kreditlarni hisobga olmaganda) 16,8 foizdan 18,5 foizgacha oshishi kuzatildi.

Shuningdek, mazkur davrda depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar dinamikasida ham o‘sish kuzatildi. Xususan, 2017 yilning sentabr oyida yuridik va jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 14,9 foizdan dekabr oyida 15,3 foizgacha oshdi.

Pul-kredit agregatlari dinamikasi

Tijorat banklari tomonidan kredit resurslarini taqdim etish shartlari iqtisodiyotning real sektoridagi tadbirkorlik faoliyatining jadallashishini inobatga olgan holda investitsion resurslarga bo‘lgan talab hajmlariga mos ravishda shakllandi.

Xususan, tahlil qilinayotgan davrda jami kredit portfelining hajmi 5,3 foiz yoki 5,5 trln. so‘mga oshgan. Mazkur o‘sishning 84 foizi yoki 4,6 trln. so‘mi xorijiy valyutadagi kredit portfelining oshishi hissasiga to‘g‘ri kelgani sababli ichki bozorda qo‘shimcha inflyatsion bosimni yuzaga keltirmadi. Bunda milliy valyutadagi kreditlar hajmi 2,1 foiz o‘sgan bo‘lsa, xorijiy valyutadagi kreditlarning o‘sishi 7 foizni tashkil qildi.

Milliy valyutadagi kreditlar hajmi o‘sish sur’atining sekinlashishi kredit kanalining pul massasi oshishiga ta’sirini kamaytirishga xizmat qildi.

O‘z navbatida, 2017 yilning IV choragida soliq-byudjet siyosati doirasida byudjet hisobvaraqlari va Hukumat depozitlarida mablag‘larning jamlanib borilishi pul massasi o‘sishini maqbullashtirish hamda Markaziy bankning oltin valyuta rezervlari oshishi natijasida iqtisodiyotdagi pul taklifi o‘sishining oldini olish imkonini berdi.

Yuzaga kelgan vaziyat natijasida pul massasining hajmi 2017 yilning IV choragida 0,6 foiz yoki 450 mlrd. so‘mga kamaydi.

Bunda, milliy valyutadagi pul massasi 5,2 foiz yoki 2,6 mlrd. so‘mga kamaydi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, milliy valyutadagi pul massasi 9 foiz, xorijiy valyutadagi depozitlarni kurs o‘zgarishlari bo‘yicha qayta baholanishini hisobga olmaganda jami pul massasi 11 foiz oshdi.

5-chizma


2017 yil oktabr-dekabr oylarida pul massasi tarkibi o‘zgarishlari tahlili muomaladagi naqd pul (M0) hajmining 4,2 foiz yoki 862 mlrd. so‘mga kamayganini ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida, pul massasidagi naqd pullarning ulushi 2017 yil 1 iyul holatiga 29,7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib 26,7 foizgacha kamaydi.

Valyuta almashinuv kurslari shakllanishining bozor mexanizmlari joriy etilganidan so‘ng kurs o‘zgarishlarining nisbatan barqaror (1 foiz doirasida) darajada bo‘lishi milliy valyuta devalvatsiyasining iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga ta’sirini kamaytirib borish imkonini yaratdi.

Umuman olganda, 2017 yilning IV choragida kuzatilgan iqtisodiyotdagi pul taklifi dinamikasi va ayirboshlash kurslari barqarorligi monetar omillar nuqtai-nazaridan iqtisodiyotdagi ichki narxlar barqarorligini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratib berdi.

Shu bilan birga, asosiy pul-kredit ko‘rsatkichlarining noinflyatsion dinamikaga ega bo‘lishi sharoitlarida iqtisodiyotda yuqori inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligi ichki iste’mol bozorlarida narxlarning oshishiga olib keluvchi nomonetar omillarning ta’siri yuqori ekanligidan dalolat beradi.

III. 2018 yildagi vazifalar

2018 yilning yanvar oyida Markaziy bank tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari iqtisodiyotda ma’lum darajadagi inflyatsion kutilmalarning saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Ushbu sharoitlarda 2018 yilda monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy pul kredit siyosati davom ettiriladi.

Yuzaga kelgan yangi voqelikda narxlar o‘sishini oldini olish vazifasi nomonetar omillar asosida yuzaga kelayotgan xatarlarni oldini olishga jiddiy e’tibor qaratishni talab etadi.

Davlat byudjeti xarajatlari va daromadlarining bank tizimidagi likvidlikka va pul massasiga ta’sir ko‘lamining kengligi tufayli pul-kredit siyosatining samaradorligi ko‘p jihatdan uning soliq-byudjet siyosati bilan mutanosib ravishda olib borilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Bunda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobvaraqlarida o‘tgan davrlar mobaynida yig‘ilgan mablag‘larni sarflash natijasidagi xatarlar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, narxlar va tashqi savdo shartlarini erkinlashtirilishi sharoitlariga ichki narxlarning moslashib borishi iqtisodiyotda inflyatsion bosimni yuzaga keltirishda davom etadi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar va qurilish hajmlarining qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlaridan sezilarli darajada yuqoriligi ularning narxlariga bevosita, shuningdek investitsion xarajatlar ortishi natijasida ushbu mahsulotlar tannarxining qimmatlashi orqali bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Monetar va nomonetar omillarning narxlar barqarorligiga joriy va kutilayotgan ta’sirini inobatga olib, Markaziy bankning foiz siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda kreditlash hajmlarining pul massasi va iqtisodiyotda yalpi talabni oshishiga ta’sirini kamaytirish hamda aholining banklardagi milliy valyutadagi jamg‘armalarining ijobiy o‘sish dinamikasini saqlab qolish vazifalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Bunda, pul massasi dinamikasida davlat xarajatlari hamda tashqi omillar ta’sirining yuqoriligi sharoitlarida qayta moliyalash stavkasining yanada oshirilishi kutilgan natijalar bermasligi va iqtisodiyotning real sektoridagi faollik va investitsion jarayonlarni susayishiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz darajasida o‘zgartirmasdan qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, bank tizimida likvidlik hajmi oshishining davom etishi va ortiqcha likvidlikning vujudga kelishi natijasida monetar omillar ta’sirida inflyatsion xatarlarning kuchayishi holatlari yuzaga kelganda Markaziy bank pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirish, shu jumladan tijorat banklari tomonidan majburiy zaxiralash tartibiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi.

Manba: www.cbu.uz


Ro'yihatga qaytarish